Toshkent shahri hokimligi Yunusobod tumanidagi 212 ta geografik obyektning nomini o‘zgartirish yoki yangi nom qo‘yish bo‘yicha ovoz berish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. Takliflarni qabul qilish 29-aprelda boshlandi va 13-maygacha davom etadi.

Ovoz berish uchun geonom.tashkent.uz saytining bosh sahifasida xarita ostidagi “Ovoz berishda ishtirok etish” havolasini, so‘ng ko‘cha bo‘limlari ko‘rsatilgan doiralardan birini bosish zarur.

geonom.tashkent.uz sayti sahifasidan skrinshot.geonom.tashkent.uz sayti sahifasidan skrinshot.

Shu bilan birga, aholi fikri quyidagi shakllarda ham qabul qilinadi:

  • Og‘zaki ravishda: +99871 210 04 13 telefon raqamiga (ish kunlari soat 09:00 dan 17:00 gacha) murojaat qilish orqali;
  • Yozma: 100060, Toshkent shahri Chilonzor tumani Islom Karimov shohko‘chasi 51-uy pochta manziliga xat yuborish orqali;
  • Elektron shaklda: geonom@digitaltashkent.uz elektron pochtasiga xat yuborish yo‘li bilan.

Avvalroq poytaxtning Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi ko‘cha va mavzelarga nom berish bo‘yicha takliflar qabul qilingani haqida yozgandik.

Toshkent shahri hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti kartografiya va toponimika bo‘limi boshlig‘i Anvar Jabborov 2022-yilda “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida poytaxtdagi 900 dan ortiq ko‘chaning nomi yo‘qligini aytib, ushbu muammoni hal etish bo‘yicha bosqichma-bosqich rejani ham taqdim etgandi.

Mutaxassislar tomonidan olib borilgan ishlar natijalariga ko‘ra ko‘chalarning chegaralari aniqlangan, o‘tish joylari va boshi berk yo‘llar hudud xaritasida ularning soni bir xil bo‘lishi uchun tartibga keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning noyabr oyida geografik obyektlarga nom berish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlarni imzolagandi. Qonun geografik obyektlarga nom berish va qayta nomlashda mahalliy aholining fikrini inobatga olish tartibini belgilaydi. Bundan tashqari, fuqarolarga geografik obyektlarga nom berish tashabbusi bilan chiqish imkoniyati berilgan.