O‘zbekistonda yil boshidan buyon 13 364 ta mehnat qonunchiligi buzilishi rasman qayd etilgan. Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Yanvar aprel oylarida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan eng ko‘p qoidabuzarliklar quyidagilarda aniqlangan:

  • xalq ta’limi (maktab) muassasalarida — 5612 (oyiga o‘rtacha 1403 ta huquqbuzarlik);
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlarida (bolalar bog‘chalarida) — 2173 (543);
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida — 1215 (303);
  • qishloq xo‘jaligida — 452 (113);
  • qurilish tashkilotlarida — 266 (66).

2023-yilda eng ko‘p mehnat qonunchiligi buzilishi ta’lim sohasi — 21 286 (oyiga o‘rtacha 1773 ta), sog‘liqni saqlash — 3589 (299), qurilish — 1867 (155), qishloq xo‘jaligida — 1775 (147), sanoat — 686, transport — 539, bank-moliya tizimi — 274, savdo va xizmat ko‘rsatish — 237, boshqalarda — 10 977 aniqlangan.

O‘rtacha oylik ko‘rsatkichlar bilan solishtirilsa, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ko‘proq huquqbuzarliklar aniqlagan.

Tekshiruv doirasida jami 4321 ta tekshiruvlar o‘tkazilib, natijada 2682 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 6,2 milliard so‘m (har biri 2,5 million so‘mga yaqin) jarimalar qo‘llanildi. Yana 166 ta ish huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘tkazilgan.

Aniqlangan qonun buzilish holatlari aksariyati quyidagilar bilan bog‘liq:

  • mehnat shartnomalarni noto‘g‘ri tuzilishi — 617 ta;
  • mehnatga haq to‘lashda — 1 462 ta;
  • ta’tillar berilishida — 1 474 ta;
  • o‘z ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etmaslik yoki yashirish — 846 ta;
  • ishdan noqonuniy bo‘shatishda — 312 ta;
  • xodimlarni o‘qitish va bilimlarini tekshirish tashkil etilmagan — 626 ta;
  • maxsus kiyim va himoya vositalari bilan ta’minlanmagan — 332 ta.

Natijada Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 44 413 ta norasmiy ish o‘rinlari ro‘yxatga olinib, 5 997 nafar fuqaro foydasiga 26,4 milliard so‘m ish haqi undirilishiga erishildi.

Mazkur davrda 7157 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 4663 tasi qanoatlantirilgan, 2697 ta murojaat bo‘yicha tushuntirishlar berilgan. Murojaatlarning aksariyati to‘lovni o‘z vaqtida to‘lash va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq — 3637 ta, noqonuniy ishdan bo‘shatish — 605 ta, xodimdan norasmiy foydalanish — 467 ta, ishga qabul qilishda huquqbuzarliklar — 382 ta.